Indoneziya bilan ta’lim sohasidagi yangi imkoniyatlar
26–27-oktabr kunlari Indoneziya ta’lim universiteti (Universitas Pendidikan Indonesia — UPI) rektori professor Didi Sukyadi boshchiligidagi delegatsiya Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya viloyat xalq ta’limi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda UPIda maktab o‘qituvchilari uchun mavjud malaka oshirish kurslari, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda Surxondaryo viloyati o‘qituvchilarining UPIda malaka oshirish va stajirovkadan o‘tish imkoniyatlari muhokama qilindi.
E’tiborga molik jihati, Indoneziya ta'lim universiteti dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiradi va Indoneziyaning eng nufuzli pedagogika universitetlaridan biri hisoblanadi.
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti UPI bilan “Iqtisodiyot” hamda “Ingliz tili va adabiyoti” yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. Mazkur dasturlar bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘qishni yakunlagach, ikkala universitetning diplomlariga ega bo‘ladilar.