Talabalar uchun ma'naviy-ma'rifiy davra suhbati

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash” va “Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Surxondaryo viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi mas’ul xodimi Ilyos Suyunov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Karomiddin Jamahmatov, universitet profilaktika inspektori Sherzod Allayarov, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Davra suhbatida mutaxassislar bugungi kunda internetning terrorchi guruhlar uchun asosiy qurolga aylanib borayotgani, ular yoshlarni yollash, ongini zaharlash va turli buzg‘unchi g‘oyalarga jalb etishda keng foydalanayotgani haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shu bilan birga, zo‘ravonlik va diniy ekstremizmning xavf-xatarlari, ularning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri va bunday tahdidlarga qarshi kurashish mexanizmlari haqida ham fikrlar bildirildi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekistonda inson qadri va huquqlarini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, aholining turmush sharoitini yaxshilash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun keng sharoitlar yaratib berilayotgani ta’kidlandi.