Top-1000 oliy ta’lim muassasalari safida bo‘lish yo‘lida

Top-1000 oliy ta’lim muassasalari safida bo‘lish yo‘lida

  • 12.08.2025
  • 59
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi – oliy ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, innovatsion loyihalarni rivojlantirish va xalqaro reytinglarda universitetning o‘rnini mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatida soha mutaxassislari zamonaviy oliy ta’lim muassasalarining rivojlanish tendensiyalari, xalqaro tajribalar hamda ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ta’kidlanganidek, Top-1000 oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirish – bu nafaqat universitetning xalqaro nufuzini oshirish, balki talabalarga kengroq ta’lim imkoniyatlari yaratish, zamonaviy ilm-fan va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish uchun muhim qadamdir.

Shuningdek, yig‘ilishda bugungi kunda dunyoning yetakchi universitetlari amal qiladigan uch asosiy missiya haqida so‘z yuritildi. Ya’ni ta’lim sifati va mazmunini doimiy takomillashtirish – talabalarning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro me’yorlarga moslashtirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish – yangi ilmiy ishlanmalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ishlab chiqarish va tadbirkorlikka yo‘naltirish asosida mahalliy va xalqaro miqyosda ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy taraqqiyotga hissa qo‘shish lozimligi haqida so‘z bordi.

TISU rahbariyati ushbu strategiyani izchil amalga oshirish orqali kelgusi yillarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashni maqsad qilganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan maqsadlarga erishishda hamkorlikni yanada kuchaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar, malaka oshirish dasturlari va talaba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Tadbir ishtirokchilari bu kabi muloqotlar universitetlararo tajriba almashish va sifatli ta’limni ta’minlash yo‘lida samarali maydon bo‘lib xizmat qilishini qayd etdilar.