Qabul davom etmoqda

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida 2025–2026-o‘quv yili uchun abituriyentlar “Davolash ishi”, “Stomatologiya”, “Farmatsiya” hamda “Pediatriya” kabi tibbiyotga ixtisoslashgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarini topshirib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazmoqdalar.
Imtihonlar belgilangan tartib va talablarga muvofiq, ochiq va shaffof muhitda o‘tkazilmoqda. Jarayon davomida har bir abituriyentga teng imkoniyatlar yaratilib, ularning bilim darajasi adolatli baholanmoqda. Kirish imtihonlarining tashkiliy va texnik jihatlari universitet ma’muriyati, professor-o‘qituvchilar hamda mas’ul xodimlar tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Imtihon jarayonida shaffoflik, halollik va xolislik prinsiplariga amal qilinishi ta’limdagi islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, bu borada universitet jamoasi tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Abituriyentlarning test topshirish jarayonida ularga psixologik qulaylikni ta’minlash, tartib-intizomga rioya qilish va muhitda tinchlikni saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.