Indoneziya–2025 yozgi ta’lim dasturi taqdimoti

Joriy yilning 17–28-iyun kunlari Termiz iqtisodiyot va servis universiteti delegatsiyasi Indoneziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Indoneziya Ta’lim universitetida yozgi xalqaro ta’lim dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Bugungi tadbir davomida talabalar olgan bilim va ko‘nikmalarini taqdimot shaklida namoyish etib, tadbir ishtirokchilari bilan o‘z fikr va mulohazalarini baham ko‘rishdi. Ular nafaqat o‘zlashtirgan nazariy bilimlari, balki ta’lim tizimi, xalqaro hamkorlik tajribalari hamda taassurotlari haqida so‘z yuritdilar.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Indoneziya ta’lim tizimi, xususan, Indoneziya Ta’lim universitetining tuzilmasi, faoliyati va yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar. Taqdimot chog‘ida talabalar universitetdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv jarayonlari, xalqaro aloqalar hamda erishilgan natijalar haqida atroflicha ma’lumotlar berishdi.
Shuningdek, yozgi ta’lim dasturida ishtirok etgan iqtidorli talabalarning ota-onalari ham taqdimot tadbiriga taklif etildi. Ular farzandlariga yaratilgan bunday imkoniyatlar uchun universitet rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik izhor qilishdi.
Yozgi ta’lim dasturi davomida talabalar nafaqat nazariy bilimlarni egalladilar, balki Indoneziya madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Madaniy tadbirlar, ekskursiyalar va talabalarning o‘zaro muloqoti do‘stona aloqalarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qildi.