Iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik

Indoneziya Pedagogika universiteti Iqtisodiyot va biznes fakulteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universitetining Iqtisodiyot fakulteti o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu strategik bitim ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shartnomada bir qator muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil qilishga kelishib olindi. Bu ikki universitet talabalari uchun xalqaro akademik muhitda o‘qish va tajriba orttirish imkonini yaratadi, o‘qituvchilar uchun esa o‘zaro tajriba almashish, ilmiy salohiyatni oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Indoneziya Pedagogika universiteti Iqtisodiyot va biznes fakulteti Springer Nature nashriyoti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan Scopus indeksatsiyasiga ega xalqaro ilmiy konferensiyada TISU bilan hamkorlikda ishtirok etishi rejalashtirilgan. TISU mazkur konferensiyaning tashkilotchilaridan biri sifatida qatnashishi kutilmoqda.
Shuningdek, Indoneziya Pedagogika universiteti Google Lab hamda Digital Business Experience (EX) kabi zamonaviy loyihalarni TISUda tatbiq etishda yaqindan yordam ko‘rsatishi ta’kidlab o‘tildi. Bu loyihalar raqamli iqtisodiyot, texnologiyalar va zamonaviy biznes modellarini amaliy o‘rganish imkonini beradi.