TISU talabalari Indoneziyaga xalqaro amaliyot uchun yo‘l oldi

Termiz iqtisodiyot va servis universitetining iqtidorli talabalari xalqaro tajriba almashinuvi doirasida Indoneziyaga amaliyot o‘tash uchun yo‘l olishdi. Delegatsiya tarkibidagi talabalar Indoneziyaning Bandung shahrida joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Indoneziya pedagogika universiteti (Universitas Pendidikan Indonesia, UPI) da malaka oshirishadi.
Mazkur amaliyot uchun universitet til markazida ingliz tilidan yuqori darajada tayyorgarlikdan o‘tgan talabalar saralab olindi.
1954-yilda tashkil etilgan Indoneziya pedagogika universiteti nafaqat pedagogika yo‘nalishi, balki axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, iqtisodiyot, ijtimoiy fanlar, tabiiy fanlar kabi ko‘plab sohalarda ham zamonaviy ta’lim dasturlarini taklif etadi. Bugungi kunga kelib, UPI Indoneziyada eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Tashrif davomida TISU talabalari UPI talabalari bilan birgalikda seminar va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish, Indoneziya ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish, shuningdek, milliy madaniyatlar almashinuvida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.