Istanbul universiteti delegatsiyasi TISUda

Istanbul universiteti delegatsiyasi TISUda

  • 03.06.2025
  • 81
Blog Image

Bugun Turkiyaning Istanbul universiteti delegatsiyasi Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga rasmiy tashrif bilan keldi. Delegatsiya tarkibiga Istanbul universiteti Iqtisodiyot fakulteti dekan muovinlari – Ebubekir Mollaahemeto‘g‘lu va Muhammet Enes Kayagil, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Janan Jajina hamda Buxgalteriya kafedrasi mudiri Selahattin Karabinar kiritilgan bo‘lib, ular universitetlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash vakolati bilan rasmiy delegatsiya sifatida qatnashdilar.

 

Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar chop etish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish kabi istiqbolli rejalar ham muhokama qilindi.

 

Ma’lumot uchun: Istanbul universiteti – Turkiyaning eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 1453-yilda sulton Mehmed II tomonidan asos solingan. 1933-yildan boshlab hozirgi nom bilan faoliyat yuritayotgan mazkur universitet hozirda 64 000 dan ortiq talabaga ega bo‘lib, dunyoning eng yaxshi 1000 ta universiteti ro‘yxatidan o‘rin olgan. Universitet tarkibida iqtisodiyot, tibbiyot, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan 18 ta fakultet faoliyat olib bormoqda.