Fan olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

Fan olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

  • 23.05.2025
  • 303
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti umum ta'lim maktabi 11-sinf oʻquvchilari uchun har yili an'anaviy tarzda fan olimpiadasini oʻtkazib kelmoqda. Bu yilgi olimpiada oldingilariga qaraganda imtiyoz va insaytlarga boy boʻldi. 7 ta fan boʻyicha oʻtkazilgan bilimlar bellashuvining maktab bosqichida 30 ming, tuman bosqichida 7 ming, viloyat bosqichida esa 105 nafar oʻquvchi oʻz bilimini sinovdan oʻtkazdi.

 

Bugun olimpiadaning viloyat bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi. Universitetda o‘tkazilgan tantanali taqdirlash marosimi esa bu zafarning munosib yakuniga aylandi. G‘olib o‘quvchilar universitet rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari, hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

 

Ular bilan birgalikda, oʻquvchilarning oʻqituvchilari, maktab direktorlari hamda eng koʻp oʻquvchisi oʻrin olgan maktabgacha va maktab ta'limi boʻlimi mudirlari ham diplom va belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

 

— 6 nafar oʻquvchimiz ushbu olimpiadada faxrli 1- va 2-oʻrinlarni qoʻlga kiritdi, — deydi Termiz shahar maktabgacha va maktab ta'limi boʻlimi mudiri Sirojiddin Roʻziqulov. — Viloyat bosqichida oʻrin olgan barcha oʻquvchilar 4 yil davomida ushbu universitetda 100 foizli grant asosida oʻqishi bu katta ragʻbatdir. Vaholanki, universitet ta'sischisi tomonidan ta'lim vakillari, bilimdon yoshlarning mana shunday qoʻllab-quvvatlanishi, davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatga hamohang ravishda kelajakda albatta, oʻz samarasini koʻrsatadi.

 

— Olimpiadaga tayyorgarlik jarayoni mashaqqatli bo‘ldi, lekin har bir daqiqasi men uchun

Unutilmas bo‘ldi, — deydi Sariosiyo tumanidagi 36-maktab o‘quvchisi Ro‘zimurod Abdug‘afforov. Ustozimning yordami va oilamning doimiy qo‘llab-quvvatlovi bugungi natijamga sabab bo‘ldi. Bu g‘alaba meni kelajakdagi katta maqsadlar sari ilhomlantiradi.

 

Bugungi g‘oliblik — ertangi kashfiyotlarning muqaddimasidir. Bu musobaqa nafaqat bilimni, balki o‘ziga ishonch, jamoaviy ruh va ijodiy fikrni rivojlantiradi. Universitet rahbariyati bu kabi tadbirlarni yanada kengroq miqyosda o‘tkazish, g‘oliblar uchun maxsus grantlar joriy etishdek ezgu ishlarini bundan keyin ham davom ettiradi.