Ta’limda xalqaro hamkorlik

Ta’limda xalqaro hamkorlik

  • 19.05.2025
  • 249
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Xalqaro tajriba: ta’limni modernizatsiyalash sharoitida turizm sohasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir doirasida bir qator xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi.

 

Konferensiyada Ozarbayjonning G‘arbiy Kaspiy universiteti Iqtisodiyot kafedrasi mudiri Notiq Mirzayev hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti professori, Nyu-York fanlar akademiyasi a’zosi, taniqli olim Baxtiyar Ro‘zmetov ishtirok etdi. Mehmonlar Termiz iqtisodiyot va servis universiteti rektori bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashishdi.

 

Uchrashuv yakunida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti hamda G‘arbiy Kaspiy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda akademik dasturlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

 

Mazkur memorandum nafaqat ikki universitet o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki turizm, iqtisodiyot va ta’lim sohalarida zamonaviy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish orqali mintaqaviy va xalqaro miqyosda ta’lim sifatini yuksaltirishga ham zamin yaratadi.