TISU Turkiya YÖK tizimiga a’zo bo‘ldi!

Bugun universitetimiz faoliyatida yana bir muhim, quvonchli kun boʻldi. 3 yildan buyon Turkiya davlatidagi nufuzli tashkilotlar va oliy ta'lim muassasalari bilan olib borayotgan muzokaralarimiz samara berdi. Turkiyalik vakillar universitetimizda oʻrganishlar olib borgach, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Turkiya Yuqori Ta’lim Kengashi (YÖK) tomonidan rasman tan olinib, YÖK tizimiga a’zo bo‘ldi.
Bu a’zolik nimani anglatadi?
TISU diplomlari va akademik darajalari Turkiya oliy ta’lim tizimida rasman tan olinadi.
TISU talabalariga Turkiya universitetlarida almashinuv dasturlarida ishtirok etish, qo‘shma ta’lim dasturlarida o‘qish imkoniyatlari kengayadi.
Ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyaning ilg‘or universitetlari bilan qo‘shma ilmiy loyihalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi uchun yangi yo‘llar ochiladi.
Talabalar uchun qanday foydasi bor?
Diplomlar xalqaro darajada tan olinadi, bu esa Turkiyada va boshqa YÖK tan olgan davlatlarda o‘qishni davom ettirish yoki ishlash imkoniyatini oshiradi. Shuningdek, talabalar Turkiya grant dasturlarida qatnashish va stajirovka (amaliyot) dasturlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Erasmus+ va Mevlana kabi almashinuv dasturlariga kirish imkoniyati kengayadi.
Kelajakda qanday imkoniyatlar ochiladi?
Turkiya universitetlari bilan qo‘shma magistratura va doktorantura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, TISU Turkiyaning nufuzli universitetlari bilan innovatsion tadqiqotlar, raqamli ta’lim loyihalari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamkorlikni kengaytiradi. Yana bir jihati, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish imkoniyati ortadi.
Bu yutuqlarning tagida katta mehnat va mashaqqat yotibdi. Bizni qo‘llab-quvvatlagan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar, Tashqi ishlar vazirliklariga va O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasiga minnatdorchilik bildiramiz.