TISU Indoneziyaning nufuzli davlat oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatmoqda

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti hamda Indoneziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Universitas Pendidikan Indonesia (UPI) o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Onlayn uchrashuvda UPI universitetining xalqaro hamkorlik bo‘limi vakili Dr. Heri Setiyori ishtirok etdi. Suhbat davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Jumladan:
- axborot texnologiyalari hamda ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlar tashkil etish;
- professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
- ilmiy loyihalarda hamkorlikda ishtirok etish, ilmiy tajriba almashish;
- nufuzli xalqaro jurnallarda hamkorlikda maqolalar chop etish borasida kelishuvlar muhokama qilindi.
Universitas Pendidikan Indonesia (UPI) — Indoneziyaning nufuzli davlat oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 1954-yilda tashkil etilgan. Universitetning bosh kampusi Bandung shahrida joylashgan bo‘lib, mamlakatning turli hududlarida filiallari mavjud.
UPI pedagogika yo‘nalishi bilan tanilgan bo‘lsa-da, hozirda u keng qamrovli ilmiy sohalarni qamrab olgan ko‘p tarmoqli universitetga aylangan. Universitetda axborot texnologiyalari, tillar, iqtisodiyot, ijtimoiy fanlar, tabiiy fanlar va boshqa sohalarda zamonaviy ta’lim beriladi.
UPI xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib, dunyoning ko‘plab yetakchi universitetlari bilan akademik almashinuv, qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda.
Mazkur muzokaralar natijasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilishi, xalqaro ilmiy va akademik almashinuv imkoniyatlari yanada kengayishi kutilmoqda.