Yoshlar yetakchilari
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni va rolini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalari esa yoshlarning intellektual, ma’naviy va kasbiy rivojlanishi uchun asosiy platforma vazifasini o‘taydi. Aynan shu jihatdan universitetlarda yoshlar yetakchilari institutini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti rektori A.E.Absamatov tomonidan 2025-yilda tasdiqlangan “Yoshlar yetakchilari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom” universitetda yoshlar bilan ishlashning tizimli yondashuvini belgilab bergan muhim hujjat hisoblanadi.
Yoshlar yetakchisi – bu universitet (fakultet) ma’muriyati hamda talabalar o‘rtasida hamkorlikni ta’minlovchi, talaba-yoshlarning huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi hamda ularni himoya qiluvchi vakildir. Yetakchining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar, Universitet Nizomi, Ichki tartib qoidalari va Odob axloq kodeksiga asoslanadi.
Yoshlar yetakchilari o‘z faoliyatida uchta asosiy tamoyilga amal qiladi: qonuniylik – barcha harakatlarni amaldagi qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirish; oshkoralik – faoliyat natijalari, tadbirlar va qarorlar haqida talabalar va rahbariyatni doimiy xabardor etish; hamjihatlik – talabalar bilan birga faoliyat olib borish, ularning fikri va manfaatlarini hisobga olish hamda jamoaviy ishlashni ta’minlash.
Yoshlar yetakchilari faoliyatining asosiy maqsadi talabalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy, ma’naviy va intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda universitet hayotida faol ishtirokini ta’minlashdan iborat.
Nizomda belgilangan asosiy vazifalar orasida talaba-yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini yaratish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish, huquqiy savodxonlikni oshirish kabi yo‘nalishlar alohida o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish, talabalar o‘rtasida axborot madaniyatini oshirish, zararli g‘oya va axborot tahdidlariga qarshi immunitetni kuchaytirish ham yetakchilarning muhim vazifalari jumlasidan hisoblanadi.
Nizomga ko‘ra, yoshlar yetakchilari faoliyati sakkizta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi.
Tashkiliy-tarbiyaviy yo‘nalish talabalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, davlat yoshlar siyosati doirasidagi dasturlarni universitet miqyosida amalga oshirish, rahbariyat va talabalar o‘rtasida samarali muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda talabalarda fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy mas’uliyatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.
Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishi talabalarning ilmiy, ijodiy, innovatsion va ijtimoiy loyihalarini aniqlash va rivojlantirish, “5 muhim tashabbus” doirasidagi loyihalarni amalga oshirish, talabalar klublari, volontyorlik harakatlari va jamoat birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi ishlarni nazarda tutadi.
Ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishi ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni aniqlash va ular bilan manzilli ishlash, stipendiya, moddiy yordam va turar joy masalalarida ko‘maklashish, inklyuziv muhitni shakllantirish va teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan.
Madaniy-ma’rifiy va ommaviy tadbirlar yo‘nalishi bayram tadbirlari, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va tanlovlar tashkil etish, talabalarni respublika va xalqaro miqyosdagi tanlov hamda forumlarga tayyorlash, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishni o‘z ichiga oladi.
Profilaktika va sog‘lom turmush tarzi yo‘nalishi huquqbuzarlik, giyohvandlik, ekstremizm va boshqa salbiy illatlarning oldini olish, huquqiy savodxonlikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi muhim vazifalarni bajaradi.
Talabalar turar joylari bilan ishlash yo‘nalishi yotoqxonalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yashash sharoitlarini o‘rganish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tartib-intizomni nazorat qilish va muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan.
Axborot-tahliliy va hisobot yo‘nalishi o‘tkazilgan tadbirlar va loyihalar bo‘yicha hisobotlar tayyorlash, yoshlar siyosati doirasidagi reja va dasturlar ijrosini monitoring qilish, talabalar muammolari va takliflarini tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.
Hamkorlik va tashqi aloqalar yo‘nalishi boshqa oliy ta’lim muassasalari yoshlar yetakchilari bilan tajriba almashish, yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlik qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik tuzilmalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Nizomning IV bobi yoshlar yetakchilarining huquqlari va majburiyatlarini aniq belgilab bergan. Yetakchilar Universitet Kengashi, rektorat va boshqa kollegial yig‘ilishlarda yoshlar masalalariga oid masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish, takliflar kiritish hamda belgilangan tartibda ovoz berish huquqiga ega. Shuningdek, ular talabalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida universitet rahbariyatiga rasmiy murojaatlar kiritish, talabalar yig‘ilishlari, forumlar va muhokamalarni chaqirish vakolatiga ham egalik qiladi.
Yetakchilarning majburiyatlari ham keng ko‘lamli bo‘lib, ular universitetda madaniy, ma’rifiy, ilmiy, sport va ijtimoiy tadbirlarni rejalashtirish hamda tashkil etish, talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, volontyorlik harakatlari va xayriya aksiyalarini yo‘lga qo‘yish, axborot-kommunikatsiya vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali samarali muloqotni ta’minlash, o‘tkazilgan tadbirlar bo‘yicha belgilangan tartibda hisobotlar tayyorlash va arxivlash kabi ishlarni bajarishga majburdirlar.
Nizomning V bobiga ko‘ra, har bir fakultetda fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tavsiyasiga asosan birinchi prorektor tomonidan fakultet yoshlar yetakchisi tayinlanadi.
Nomzodga qo‘yiladigan talablar ham aniq belgilangan: yoshlar bilan ishlash amaliyotiga ega bo‘lishi, yetakchilik va liderlik qobiliyatiga ega bo‘lishi, notiqlik mahorati va tashabbuskorlik xususiyatlariga ega bo‘lishi, fidoyilik va mas’uliyatlilik, boshqaruv va tashkilotchilik qobiliyati, jamoatchilik bilan ishlash hamda ish yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, nomzod muayyan amaliy ish tajribasiga ega bo‘lishi, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan buzg‘unchi g‘oya va mafkuralar, ma’naviy tahdidlar va zararli illatlar haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lishi talab etiladi.
Nomzod talabalar orasidan tanlab olinadi va belgilangan tartibda 1 (bir) yil muddatga tayinlanadi. Yetakchining vakolat muddati tugagach, u qayta nomzod sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Agar yetakchi o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan, odob axloq kodeksi talablarini buzgan yoki o‘z vakolatidan noto‘g‘ri foydalangan taqdirda, birinchi prorektor tomonidan lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Nizomda yoshlar yetakchilarini rag‘batlantirish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Faol yetakchilar o‘quv yili yakunida “Yilning eng faol yetakchisi” nominatsiyasi bo‘yicha universitet budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bu mexanizm yetakchilarning faolligini yanada oshirish va motivatsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yetakchi haftalik, oylik va yillik ish reja tuzadi hamda mazkur rejalar ijrosi bo‘yicha har chorakda fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha o‘rinbosarlariga hisobot taqdim etadi.
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida qabul qilingan yoshlar yetakchilari faoliyati to‘g‘risidagi nizom universitetda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladigan muhim hujjat hisoblanadi. Nizom yoshlar yetakchilarining huquqiy maqomini, vazifalari va vakolatlarini aniq belgilab bergan holda, ularning faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Sakkizta asosiy yo‘nalishni qamrab olgan ushbu nizom talabalarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, ilmiy salohiyatining oshirilishi va sog‘lom turmush tarzining targ‘ib qilinishi kabi muhim masalalarni hal etishda yoshlar yetakchilarining rolini belgilab beradi. Nizomning amaliyotga tatbiq etilishi nafaqat TISU, balki boshqa oliy ta’lim muassasalari uchun ham ibratli tajriba bo‘lishi mumkin.

.jpg)
