Tasviriy va amaliy san’at to‘garagi
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va estetik didini shakllantirish masalasi ta’lim-tarbiya jarayonining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Termiz iqtisodiyot va servis universitetida tashkil etilgan “Tasviriy va amaliy san’at” to‘garagi talabalarda nafaqat ijodiy ko‘nikmalarni, balki sabr-toqat, did va mehnatsevarlikni ham tarbiyalayotgan ijod maskanidir.
To‘garak mashg‘ulotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri — rang-tasvirdir. Bu yerda o‘quvchilar tasviriy san’atning nazariy asoslari bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni ham puxta egallaydi. Ranglar uyg‘unligi, kompozitsiya tuzish, yorug‘-soya qonuniyatlari, portret va manzara ishlash sir-asrorlari bosqichma-bosqich o‘rgatiladi. Yosh ijodkorlar oddiy qog‘oz va bo‘yoq vositasida o‘z tasavvuridagi olamni gavdalantirishni o‘rganadilar. Har bir chizilgan surat — bu faqatgina tasvir emas, balki yosh qalbning ichki kechinmalari, orzu-intilishlari va hayotga bo‘lgan munosabatining ifodasidir. Mashg‘ulotlar davomida to‘garak rahbari Madina Jo‘rayeva har bir o‘quvchining individual qobiliyatini inobatga olib, ularni mustaqil fikrlashga va o‘z uslubini topishga undaydi.
— To‘garak 2024-yildan buyon faoliyat olib boradi. Bugunga qadar 200
nafardan ortiq bitiruvchi to‘garakni tamomlab maxsus sertifikat bilan taqdirlangan. To‘garak milliy an’analar va zamonaviy yo‘nalishlar uyg‘un holda olib boriladi. Xususan, somon san’ati mashg‘ulotlari o‘quvchilarda sabr va nozik didni shakllantiradi. Oddiy somon parchalari mohir qo‘llar ostida nafis manzara, milliy naqsh yoki bezakli kompozitsiyaga aylanadi. Bu jarayon yoshlarni amaliy san’atning boy merosiga hurmat ruhida tarbiyalaydi. Shuningdek, zamonaviy yo‘nalishlardan biri bo‘lgan resin art — ya’ni smola bilan ishlash texnikasi ham to‘garak dasturidan o‘rin olgan. Ushbu yo‘nalishda o‘quvchilar shaffof smola yordamida turli dekorativ buyumlar, suvenirlar va bezaklar yaratishni o‘rganadilar. Ranglar, quritilgan gullar, yaltiroq elementlar va turli shakllar uyg‘unligida yaratilgan buyumlar zamonaviy did va kreativ yondashuvning yorqin namunasidir, — deydi to‘garak rahbari Madina Jo‘rayeva.
To‘garak — bu kichik ishlab chiqarish ustaxonasidir. Bu yerda talabalar diadema, turli taqinchoqlar, bilaguzuk, sirg‘a va boshqa bezak buyumlarini yasash sirlarini ham egallashmoqda. Bunda har bir buyum loyihadan boshlab tayyor mahsulotga qadar puxta o‘ylangan jarayon asosida yaratiladi. Qizlar uchun ayniqsa, qiziqarli bo‘lgan bu mashg‘ulotlar ularda estetik didni shakllantirish bilan birga, tadbirkorlik ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi. Hattoki, ba’zi to‘garak bitiruvchilari ijtimoiy tarmoqlarda savdoga ixtisoslashgan sahifalar yuritib, o‘z qo‘llari bilan yasagan buyumlarini sotib, ilk daromadlarini topishga ham muvaffaq bo‘lmoqda. Bu kabi natijalar to‘garakning nafaqat ma’naviy, balki amaliy ahamiyatini ham yaqqol ko‘rsatadi. Ayniqsa, bitiruvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar alohida e’tiborga loyiq. Ularda milliy ruh, zamonaviy dizayn va shaxsiy uslub uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin.
— To‘garakka qatnashishimizdan asosiy maqsad faqatgina buyum yasash
emas, balki ruhan dam olish va o‘zimizga bo‘lgan ishonchni orttirishdir. Bu yerda nafaqat san’atni, balki hayotiy ko‘nikmalarni ham o‘rganamiz. Jamoada ishlash, bir-birimizning fikrimizni hurmat qilish, ijobiy fikrlash, har bir amaliy ishni yuksak did bilan bajargan holda oxirigacha yetkazish, mas’uliyatni his etish va natijani sabr bilan kutish — bularning barchasi ijod jarayonda shakllanadi, — deydi to‘garak a’zosi Jasmina Begmatova.
San’atga oshno va u bilan shug‘ullangan har bir talabaning qalbi nozik, didi baland va tafakkuri keng bo‘ladi. “Tasviriy va amaliy san’at” to‘garagi esa ana shunday barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida samarali faoliyat yuritmoqda. Xulosa qilib aytganda, mazkur to‘garak — bu oddiy mashg‘ulotlar majmuasi emas, balki iste’dodlar kamol topayotgan, orzular qanot yozayotgan va mehnat orqali muvaffaqiyat sari yo‘l ochilayotgan haqiqiy ijod maktabidir.
Nodira JALOLOVA
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)