Talabamiz – xalq ta’limi a’lochisi
Qiziriq tumanida kamol topgan Shahnoza Hamrayeva bugun izlanishlari, fidoyiligi va kasbiga sadoqati bilan ta’lim sohasida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Hayot yo‘lini ilm va tarbiya bilan bog‘lagan yosh pedagog Pedagogika va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakultetining maktabgacha ta’lim (sirtqi) yo‘nalishi 4-bosqichida tahsil olmoqda.
Shahnoza Hamrayeva nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda faoliyat yuritishni afzal biladi. 2020-yildan buyon Qiziriq tumani 18-maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi sifatida kelajak avlodning ilk bilim va tarbiyasiga poydevor qo‘yib kelmoqda.
Shahnoza faoliyati davomida zamonaviy metodlarni joriy etish, bolalarning mustaqil fikrlashini rivojlantirishga qaratilgan o‘yin usullarini qo‘llashga e’tibor qaratmoqda. U turli metodik ishlanmalar, innovatsion loyihalar ustida ham ishlashdan erinmaydi.
Shahnoza Hamrayevaning hayot yo‘li — oddiylik, mehnatsevarlik va doimiy izlanish orqali yuksalish mumkinligining yorqin namunasidir. Buning natijasi o‘laroq, yaqinda qahramonimiz “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. U bu e’tirofni shunchaki mukofot emas, balki katta mas’uliyat, ishonch va fidoyilik ramzi sifatida qabul qildi.
Qahramonimiz Iroda Almardanova, shuningdek, Iroda Xo‘jamqulova, Jo‘rabek Almardanov va Shahnoza Tosheva kabi ustozlarining saboqlari va ishonchi bugungi yutuqlarining mustahkam poydevori bo‘lganini alohida ta’kidlaydi.
Shu bilan birga, u erishgan natijalarida turmush o‘rtog‘i va farzandlarining qo‘llab-quvvatlovini minnatdorlik bilan tilga oladi. “Oila – eng katta tayanch. Ayolning jamiyatdagi muvaffaqiyati ortida, albatta, oila tayanchi va ishonchi turadi”, – deydi u.
Qahramonimiz muvaffaqiyat sirini intizom va mehnatda deb hisoblaydi. Uningcha, “oddiy talaba” bilan “a’lochi yoki nishondor talaba” o‘rtasidagi farq omadga emas, balki intizom, aniq maqsad va muntazam mehnatga bog‘liq. Omad esa mehnatga qo‘shilgan barakadir, deya talabalarga shunday maslahat beradi: “Vaqtni qadrlash, ustozlardan ilm olishdan tortinmaslik va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish lozim. Chunki talabalik yillari – bu kelajak poydevori qo‘yiladigan, o‘z ustida ishlash va tajriba to‘plash davridir”.
Shahnoza Hamrayeva uchun eng katta mukofot — tarbiyalanuvchilarining yutug‘i, ularning jamiyatga foydali, ma’rifatli va vatanparvar inson bo‘lib yetishishidir. Bugun jamiyatimizda Shahnozadek izlanuvchan, intiluvchan va fidoyi yoshlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarli.
Nodira JALOLOVA