"Qizlarjon" klubi
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston qurish jarayonida yoshlar, ayniqsa, talaba-qizlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ma’naviy-axloqiy jihatdan barkamol shaxslarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha qabul qilingan bir qator farmon va qarorlari bu boradagi ishlarning yanada jadallashtirilishiga xizmat qilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Xotin-qizlar maslahati kengashi tomonidan talaba-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida «Qizlarjon» klubi tashkil etilgan. Mazkur klub 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 200 dan oshiq talaba-qizlarni o‘z safiga birlashtirgan bo‘lib, ularning ijtimoiy faolligi, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish va ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish borasida tizimli faoliyat olib bormoqda.
«Qizlarjon» klubi o‘z faoliyatida bir necha muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Klubning asosiy maqsadi — talaba-qizlarni jamiyatning faol a’zolariga aylantirish, ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan "qurollantirish"dir.
Klub o‘z faoliyatini aniq ishlab chiqilgan ish reja asosida olib boradi. Bu ish reja yilning har bir davrida turli xil tadbirlar, davra suhbatlari, master-klasslar, ko‘rik-tanlovlar va uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi.
Klubning eng muhim faoliyat yo‘nalishlaridan biri — talaba-qizlar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy tarbiyaga qaratilgan davra suhbatlarini muntazam ravishda tashkil etishdir. «Qiz bolaning baxti — chiroyli muomalasida» hamda «O‘zbek qizining qiyofasi» mavzularida o‘tkaziladigan ushbu davra suhbatlariga faxriy onaxonlar, ibratli qaynona-kelinlar, malakali psixologlar hamda tajribali onalar taklif etiladi.
Bu suhbatlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularda nazariy bilimlar bilan bir qatorda hayotiy tajribalar ham ulashiladi. Faxriy onaxonlarning o‘git-nasihatlari, ibratli qaynona-kelinlarning oilaviy munosabatlardagi tajribalari talaba-qizlarda oilaga bo‘lgan hurmat, kamtarlik va sabr-toqat kabi fazilatlarni shakllantirishga katta hissa qo‘shadi. Davra suhbatlariga ta’lim muassasasidagi barcha talaba-qizlar jalb etiladi, bu esa tadbirlarning keng qamrovli ta’sir kuchiga ega bo‘lishini ta’minlaydi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari davrida yoshlarning internet tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishi muhim ahamiyat kasb etadi. «Qizlarjon» klubi bu borada ham faol ish olib boradi. Klub suhbatlarida voyaga yetmagan yoshlarning internetdan to‘g‘ri foydalanishini o‘rgatish, internetdan noto‘g‘ri foydalanishning salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlardan yuqori malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Bu borada Huquqni muhofaza qilish organlari, Prokuratura xodimlari, Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi a’zolari hamda Diniy idora vakillari ishtirokida maxsus ma’ruzalar va seminarlar tashkil etiladi. Mutaxassislar tomonidan internet firibgarliklari, kiberjinoyatchilik, shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligi, ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlar kabi mavzularda chuqur ma’lumotlar beriladi. Bu tadbirlar talaba-qizlarning axborot savodxonligini oshirish va ularni virtual muhitdagi xavf-xatarlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan.
«Ma’rifatparvar ayollarning ibratli hayot yo‘li» mavzusidagi uchrashuvlar «Qizlarjon» klubi faoliyatining yana bir muhim tarkibiy qismidir. Bu uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ayol professor-o‘qituvchilar bilan jonli muloqotlar uyushtiriladi.
Mazkur uchrashuvlarning asosiy maqsadi — talaba-qizlarda o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, ilm-fan sohasida muvaffaqiyatga erishish mumkinligiga ishontirish hamda ibratli namunalar ko‘rsatishdir. Ayol professor-o‘qituvchilarning o‘z sohasida erishgan yutuqlari, hayotiy tajribalari va ilmiy izlanishlari haqidagi hikoyalari talaba-qizlarga kuchli motivatsiya beradi. Bu uchrashuvlar yoshlarda «men ham uddalay olaman» degan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Klub faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri — talaba-qizlar o‘rtasida yomon illatlarning oldini olish borasida milliy urf-odatlarimizni aks ettiruvchi ko‘rik-tanlovlarni tashkil etishdir. Bu ko‘rik-tanlovlarda kamtarlik, ibo-hayyo, sharm-hayo, mehmondo‘stlik, saranjom-sarishtalik kabi xalqimizga xos bo‘lgan oliy fazilatlar targ‘ib qilinadi.
Ko‘rik-tanlovlar turli shaklda o‘tkaziladi: milliy kiyimlar namoyishi, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha musobaqa, an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmalari va boshqalar. Bu tadbirlar nafaqat talaba-qizlarning madaniy saviyasini oshirishga, balki ularning ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishlariga ham imkon yaratadi. Shu bilan birga, bu ko‘rik-tanlovlar orqali milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasida muhim qadam tashlanadi.
«Qizlarjon» klubi o‘z faoliyatida ijtimoiy mas’uliyat masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlarning turli o‘quv kurslarida bepul tahsil olishlarini ta’minlash klubi faoliyatining eng insonparvarona yo‘nalishlaridan biridir.
Bu dastur doirasida talaba-qizlar pazandachilik, tikish-bichish, xorijiy tillarni o‘rganish kabi turli yo‘nalishlardagi o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Dasturning o‘ziga xos xususiyati — «tengdosh-tengdoshga» tamoyili asosida amalga oshirilishidir. Ya’ni, allaqachon muayyan kasb-hunar egallagan talaba-qizlar o‘z tengdoshlariga o‘rgatish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish vazifasini bajaradilar. Bu yondashuv nafaqat bilim almashishni, balki do‘stlik, o‘zaro yordam va hamkorlik ruhini ham shakllantiradi.
Zamonaviy iqtisodiyotda ayollarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki tobora ortib bormoqda. «Qizlarjon» klubi bu borada ham muhim tashabbuslar bilan chiqmoqda. «O‘z biznesingni boshla» shiori ostida tashkil etiladigan «Tadbirkor qiz» master-klasslarida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan muvaffaqiyatli tadbirkor ayollar ishtirok etadi.
Bu master-klasslarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar, biznes-rejani tuzish, moliyaviy savodxonlik, marketing asoslari, mijozlar bilan muloqot qilish san’ati kabi mavzular amaliy misollar asosida o‘rgatiladi. Tajribali tadbirkor ayollarning o‘z muvaffaqiyat yo‘llari va duch kelgan qiyinchiliklar haqidagi hikoyalari talaba-qizlarda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadi va ularni o‘z kuchlariga ishontirishga xizmat qiladi.
«Qizlarjon» klubi yil davomida bir qator muhim sana va bayramlarga bag‘ishlangan tadbirlarni ham tashkil etadi. Quyida ularning ayrimlari haqida to‘xtalib o‘tamiz:
11-oktyabr — Xalqaro qizlar kuni. Ushbu xalqaro sana munosabati bilan turli tarkibdagi tadbirlar tashkil etiladi. Bu tadbirlarda qizlarning ta’limdagi yutuqlari, jamiyatdagi o‘rni va kelajakdagi imkoniyatlari haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, eng faol va iqtidorli talaba-qizlar rag‘batlantiriladi.
Zulfiya tavallud kuni. O‘zbek adabiyotining buyuk vakili Zulfiyaxonim tavallud kuni munosabati bilan «Zulfiya» mukofoti sohibalari bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu uchrashuvlar talaba-qizlarda adabiyot va san’atga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni. «Yangi O‘zbekistonda Ayol qadri har narsadan aziz va mukarram» mavzusida keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etiladi. Bu tadbirlar ayollarning jamiyatdagi beqiyos o‘rni, onadek muqaddas zotlarning qadr-qimmatini ulug‘lashga bag‘ishlanadi.
«Qizlarjon» klubi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida ham faol ishlar olib bormoqda. «Men sog‘lom hayotni tanlayman» shiori ostida Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlari orqali video va fototanlovlar tashkil etiladi. Bu tanlovlar talaba-qizlarni sog‘lom turmush tarziga rag‘batlantirish, sport bilan shug‘ullanishga undash hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan ijobiy maqsadlarda foydalanishni o‘rgatishga qaratilgan.
Shuningdek, «Narkomaniya — halokatga yo‘l» mavzusida narkolog shifokorlar bilan maxsus uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu uchrashovlarda giyohvandlikning oqibatlari, zararli odatlardan qutulish yo‘llari hamda sog‘lom hayot kechirish afzalliklari haqida chuqur ma’lumotlar beriladi. Mutaxassislar talaba-qizlarga amaliy maslahatlar berish bilan birga, savol-javob sessiyalari orqali ularning barcha savollariga javob beradi.
Ta’lim muassasalarida «Sport nafislik — sog‘lomlik manbai» shiori ostidagi sport haftaligida qizlarning doimiy ishtirokini tashkil etish ham klubning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Sport haftaligida turli sport musobaqalari, sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari va jismoniy tarbiya tadbirlari o‘tkaziladi.
200 dan oshiq talaba-qizni birlashtirgan bu klub nafaqat universitetda, balki butun Surxondaryo viloyatida yoshlar tarbiyasining eng ilg‘or tajribalaridan biriga aylanib bormoqda. «Qizlarjon» klubi tajribasi boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham qo‘llash uchun namuna bo‘la olishi shubhasizdir.
Kelajakda klubning faoliyat doirasini yanada kengaytirish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy etish orqali talaba-qizlarning hayot sifatini yanada yaxshilash, ularni barkamol insonlar etib tarbiyalash yo‘lida yangi cho‘qqilarni zabt etish mumkin. Buning uchun davlat, jamiyat va ta’lim muassasalarining hamjihat sa’y-harakatlari zarur.


