O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindori
Prezident stipendiyasi sohibasining muvaffaqiyat siri
Tasavvur qiling, 15 yil davomida oliy ta’lim ostonasidan o‘ta olmadingiz. Har yili umid bilan topshirilgan hujjatlar, har yili rad etilgan javoblar... Ko‘pchilik bunday vaziyatda qo‘l siltab, taqdirga tan bergan bo‘lardi. Ammo qahramonimiz Yulduz Jo‘raqulova taslim bo‘lmadi. U 37 yoshida nafaqat talaba bo‘ldi, balki mamlakatning eng nufuzli mukofoti — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasini qo‘lga kiritib, barchaga o‘rnak bo‘ldi.
Yulduz Jo‘raqulova 1989-yilda Samarqand shahrida, ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Ota-onasi shifokor bo‘lgan Yulduzning talabalik sari yo‘li oson kechmadi. U naqd 15 yil davomida oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun harakat qildi. Mag‘lubiyatlar uni to‘xtata olmadi, aksincha, 2022-yilda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti eshiklari u uchun ochilganda, u bu imkoniyatni eng oliy darajada qadrlashga ahd qildi.
Ilmiy izlanish va yuksak natijalar
Bugungi kunda Pedagogika va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti 4-bosqich talabasi bo‘lgan Yulduz nafaqat a’lo baholari, balki ilmiy salohiyati bilan ham ajralib turadi. Uning 20 dan ortiq ilmiy maqolalari xalqaro va mahalliy nashrlarda chop etilgan.
Yulduzning tadqiqotlari asosan ingliz tilida so‘zlashuv (speaking) ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. "Til o‘rganishda o‘zim duch kelgan muammolarni eng oson yechimlarini topishni maqsad qilganman", — deydi u. Hozirda u ingliz tili bo‘yicha B2 darajasiga ega va ikkinchi xorijiy til sifatida nemis tilini ham muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan.
Mehnatning munosib e’tirofi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tanlovi Yulduz uchun katta sinov bo‘ldi. Tanlovning ikki bosqichida ham tarix, informatika va xorijiy tillardan yuqori natijalar ko‘rsatgan qahramonimiz, o‘z universiteti tarixida ushbu stipendiyaga sazovor bo‘lgan ilk talaba bo‘ldi.
"Muvaffaqiyat yosh tanlamaydi"
— Bu xabarni eshitganimda ko‘zimga yosh keldi, — deydi Yulduz
Jo‘raqulova. — 15 yillik mashaqqatlarim bir zumda ko‘z o‘ngimda gavdalandi. 37 yoshda bo‘lsam-da, bilim olish va izlanishdan to‘xtamadim. Zero, inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ysa, kech bo‘lsa ham unga albatta erishadi.
Yulduzning muvaffaqiyatida uning ustozlari — dotsent Gavhar Salomova, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Akmal Abduraxmanov va Namoz Ahmedovlarning o‘rni beqiyos. Shuningdek, turmush o‘rtog‘i va oilasining qo‘llab-quvvatlashi ikki farzandning onasi bo‘lgan qahramonimizga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi.
Kelajak sari dadil qadamlar
Yulduz Jo‘raqulova universitetda tahsil olish bilan birga, TISU EDU HUB markazida faoliyat olib bormoqda. Keyinchalik esa, bakalavr bosqichini tamomlagach, o‘qishni Webster xalqaro universitetida magistratura bosqichida davom ettirishni rejalashtirmoqda. Kelajakda u o‘zi tahsil olayotgan universitetda dars berib, talabalarga nafaqat fan sirlarini, balki hayotda yiqilmaslik va doimo olg‘a intilish darsini ham o‘tishni niyat qilgan.
Uning yoshlarga tavsiyasi oddiy, ammo sermazmun: “Imkoniyatlardan foydalaning, tillarni o‘rganing va eng asosiysi — o‘z ustingizda ishlashdan hech qachon to‘xtamang!”
Nodira Jalolova