Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindori

Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindori

  • 10.02.2026
  • 26
Blog Image

Muvaffaqiyat kaliti — tirishqoqlikda

Yurtimizda bilimli, intiluvchan va tashabbuskor yoshlarning safi tobora kengayib, ular ilm-fan, ta’lim hamda jamiyat hayotining turli jabhalarida munosib natijalarga erishib kelmoqda. Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindori Risolat Xolmamatova ham o‘z salohiyati hamda qat’iyati bilan ajralib turuvchi ana shunday iqtidorli yoshlardan biri hisoblanadi. Uning izlanishlarga boy talabalik yo‘li, erishayotgan yutuqlari va kelajak sari dadil intilishi bugungi yosh avlodning intellektual salohiyati yuksalib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.

 

Risolat Xolmamatova 2003-yilda Surxondaryo viloyatida tavallud topgan. U hozirgi kunda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Pedagogika va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakultetining xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) yo‘nalishi 2-bosqich talabasi sifatida tahsil olmoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay, u ilm-fan va ta’lim sohasida faol izlanishlar olib borib, universitet hayotida hamda turli ijtimoiy-ma’rifiy tadbirlarda o‘zining faolligi, mas’uliyati va bilimga bo‘lgan chanqoqligi bilan ajralib turadi. U erishayotgan yutuqlari, intilishi va qat’iyati bilan tengdoshlari uchun ibratli namuna bo‘lib kelmoqda.

 

Talabaning ilmiy salohiyati alohida e’tirofga loyiq. Uning 10 ga yaqin ilmiy maqolalari xalqaro hamda respublika miqyosidagi nufuzli ilmiy jurnallar va ilmiy-amaliy konferensiyalar to‘plamlarida chop etilgan. U universitet hayotidagi turli tadbirlarda doimiy faolligi, tashabbuskorligi va jamoatchilik ishlariga mas’uliyat bilan yondashuvi orqali ustozlar hamda tengdoshlari e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Risolat Xolmamatovaning bilim olishga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi, vaqtni samarali rejalashtira bilishi va izchil mehnati samarasi o‘laroq 2024–2025-o‘quv yilida “Rektor stipendiyasi” tanlovining 1-mavsumida g‘olib deb topildi. Mazkur stipendiya universitetda o‘qish jarayonida alohida faollik va namunali o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan talabalar uchun muhim rag‘bat hisoblanadi.

 

U nafaqat o‘quv jarayonida, balki universitetda tashkil etiladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tanlov va ijodiy loyihalarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Uning tadbirlardagi faolligi, sahna madaniyati, nutqiy savodxonligi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ko‘plab tanlovlarda munosib baholanmoqda. Xususan, universitet miqyosida o‘tkazilgan “Surxon Barchinoylari” ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur tanlov yoshlarning ma’naviy dunyoqarashi, milliy qadriyatlarga sadoqati va ijtimoiy faolligini namoyon etishga qaratilgan bo‘lib, undagi g‘alaba Risolat Xolmamatovaning har tomonlama yetuk shaxs sifatida shakllanib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, u ko‘plab insholar tanlovlarida ham yuqori natijalarga erishgan. Jumladan, “Jadidlar jasorati – millatimiz faxri” hamda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzularida o‘tkazilgan insholar tanlovida faxrli 3-o‘rinni egallagan. Ushbu muvaffaqiyatlar talabaning milliy tariximiz, jadidchilik harakati va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga bo‘lgan chuqur qiziqishi, shuningdek, fikrni mantiqiy va ravon bayon etish qobiliyatiga ega ekanini yaqqol namoyon etadi.

 

Uning til bilish borasidagi yutuqlari kasbiy va intellektual salohiyatini belgilab beruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Xususan, u xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratib, bu yo‘nalishda izchil va samarali mehnat qilib kelmoqda. Buni CEFR (Common European Framework of Reference) tizimi bo‘yicha ingliz tili fanidan B2 darajasini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritganidan ham bilish mumkin. Mazkur daraja talabaning ingliz tilida erkin muloqot qila olishi, murakkab matnlarni tushunishi hamda o‘z fikrlarini yozma va og‘zaki shaklda ravon ifodalash qobiliyatiga ega ekanini anglatadi. Bu esa uning nafaqat o‘quv jarayonida, balki turli ilmiy anjumanlar, seminarlar va xalqaro loyihalarda faol ishtirok etishiga keng imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tilni mukammal bilish yosh mutaxassislar uchun muhim talab sanaladi.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Risolat Xolmamatova kabi bilimli, izlanuvchan va aniq maqsadlar sari dadil intilayotgan yoshlar mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam poydevorini tashkil etadi. Ularning ilm-fan, ta’lim va ma’naviyat yo‘lidagi izchil mehnati kelajakda yurtimizning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar ertangi katta marralarning debochasi ekani shubhasiz. Uning erishgan natijalari nafaqat shaxsiy yutuq, balki yoshlar orasida ilmga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, ma’rifatli jamiyatni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etiladi. Eng muhimi, bunday iqtidorli yoshlarning hayot yo‘li tengdoshlariga namuna bo‘lib, ularni bilim olishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga va yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishga ruhlantiradi.

Nodira Jalolova