Universitetimiz “qalqonlari”

Universitetimiz “qalqonlari”

  • 19.02.2026
  • 107
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida talabalar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyat olib bormoqda. Mazkur guruh Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Mudofaa, Ichki ishlar, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2023-yil 28-avgustdagi 30-qo‘shma qarori asosida tashkil etilgan.

 

Aytish joizki, ushbu guruhga a’zo bo‘lish istagini bildirganlar talaygina. Buning uchun ular suhbat, jismoniy tarbiya va psixologik test sinovlaridan bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Jumladan, 2025-2026 – o‘quv yili uchun “Qalqon” jamoatchilik guruhiga 500 nafarga yaqin talaba a’zo bo‘lish istagini bildirgan bo‘lsa, sinovlarda eng ko‘p ballarni qo‘lga kiritgan 55 nafar talaba-yosh qabul qilindi.

 

Jamoatchilik guruhi a’zolariga zarur sharoitlar, jumladan, xizmat olib borish jarayonida ajralib turishlari uchun maxsus kiyim-bosh va aloqa vositalari ta’minlab berilgan. Ular oliygohda jamoat tartibini saqlash maqsadida darsdan bo‘sh vaqtlarida patrullik xizmati va navbatchiliklar tashkil etib, yaqindan ko‘mak berib kelmoqda.

 

Bundan tashqari, universitetdagi ichki tartib qoidalar, “Odob-axloq kodeksi”ga rioya etilishi bo‘yicha ham guruh a’zolari yaqindan ko‘maklashmoqda. Ayniqsa, oliygohda o‘tkaziladigan qator tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash va nazorat qilishdagi hissasini alohida ta’kidlash joiz.

 

— Guruhimiz a’zolari tomonidan universitet hududida talabalar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarini oldini olish hamda tungi vaqtda maqsadsiz yurishlarni bartaraf etish bo‘yicha samarali va tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, profilaktika inspektorlari bilan tunggi reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda, — deydi “Qalqon” jamoatchilik guruhi sardori Botir O‘roqov.

 

— Tungi vaqtda talabalar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari, fakultet dekanlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, profilaktika inspektorlari, milliy gvardiya xodimlari hamda guruh murabbiylari ishtirokida 105 ga yaqin tungi reydlar tashkil etildi. Reydlar davomida tungi vaqtda maqsadsiz yurgan 600 nafarga yaqin talaba-yosh aniqlanib, shundan 110 nafar jinoyatchilik va huquqbuzarlikka moyil talabalarning ota-onalari chaqirilib, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, 40 ga yaqin “Tig‘” tadbirlari o‘tkazildi, — deydi TISU profilaktika inspektori Sherzod Allayorov.

 

Bugungi kunda “Qalqon” jamoatchilik guruhi nafaqat universitetimiz tinchligi va osoyishtaligi tayanchi, balki talabalarning birligi ramziga ham aylanib bormoqda. Universitet hududini nazorat va himoya qilish bilan cheklanib qolmay, yoshlarga matonat va fidoyilik namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.