Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi

  • 05.12.2025
  • 138
Blog Image

2024/2025 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida

Rivojlanayotgan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashni taʼminlash, oliy taʼlim tashkilotlarida yoshlarning sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni tarmoq, hududiy va maqsadli investitsiya loyihalariga manzilli yoʻnaltirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoniga muvofiq:

davlat buyurtmasi parametrlarini bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etilganligi;

davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilganligi;

davlat oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan tartib va shartlar boʻyicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etilganligi;

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha imtihonlar “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. 2024/2025 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari:

bakalavrlar tayyorlash boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga — 34 838 nafar etib, 1-ilovaga muvofiq;

magistrlar tayyorlash boʻyicha — 9 365 nafar etib, 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) taqdim etsin:

a) uch kun muddatda:

davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan hamda talabalar qabulini davlat oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan tartib va shartlarda amalga oshiruvchi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatini;

davlat oliy taʼlim muassasalari va davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining takliflariga asosan 2024/2025 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalari, taʼlim shakllari va taʼlim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlari boʻyicha takliflarni;

b) bir hafta muddatda:

respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan 1200 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni;

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni;

oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik yoʻnalishlarida oʻqish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti boʻyicha takliflarni.

4. Davlat komissiyasi bir hafta muddatda 2024/2025 oʻquv yili uchun:

a) bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qabul boʻyicha:

oliy taʼlim muassasalari, taʼlim shakllari va taʼlim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;

imtiyozga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlarini;

tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish balini;

hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq, umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;

har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini taʼlim sohalari (bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari) kesimida;

b) magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlarini davlat granti va toʻlov-kontraktga ajratgan holda oliy taʼlim muassasalari va tillar kesimida tasdiqlasin.

5. Belgilansinki, davlat oliy taʼlim muassasalariga kirishda toʻplagan baliga nisbatan maʼlum miqdordagi qoʻshimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025 oʻquv yilida tanlagan taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplagan taqdirda, toʻplagan baliga mos ravishda davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.

6. Mazkur farmoyishning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.

Farmoyish ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 19-iyul,

F-36-son

 

Batafsil quyidagi havolada: https://lex.uz/uz/docs/-7028136