Tarixiy natija — TISU dunyodagi TOP-400 universitetlar qatorida!
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Times Higher Education (THE) Impact Rankings 2026 xalqaro reytingida ulkan muvaffaqiyatga erishib, dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin oldi. Universitet 2024-yildagi 1501+ pozitsiyadan 301–400-o‘rinlar guruhiga ko‘tarilib, qisqa muddatda tarixiy natijani qayd etdi.
Mazkur yutuq universitetning ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissasi xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilganining amaliy ifodasidir.
Natijalarga ko‘ra universitet:
• Dunyo universitetlari orasida TOP-400 talikdan joy oldi;
• O‘zbekiston OTMlari orasida 7-o‘rinni egalladi;
• Viloyatlarda faoliyat yuritayotgan OTMlar orasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi;
• Xalqaro reytinglarda eng tez rivojlanayotgan universitetlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Ushbu yuksak natija universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari, talabalari va butun jamoasining fidokorona mehnati samarasidir. Kelgusida ham universitet ta’lim sifati, ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida yangi marralarni zabt etishda davom etadi.