Xorijiy tillarni o‘qitish markazi

Xorijiy tillarni o‘qitish markazi

  • 17.06.2025
  • 22
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti qoshidagi xorijiy tillarni o‘qitish markazi talabalar va keng jamoatchilik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Markazda ingliz, rus, nemis, va turk tillari kabi dunyoning yetakchi tillari o‘qitilmoqda. Bu esa nafaqat til o‘rganishni xohlovchilar uchun, balki xalqaro aloqalar, biznes, va madaniyat sohalarida faoliyat yuritadiganlar uchun ham muhimdir.

Xorijiy tillarni o‘qitish markazi nafaqat o‘qitish, balki o‘quvchilarni haqiqiy dunyo tajribasiga tayyorlashga katta e'tiibor qaratadi. Markazda chet ellik o‘qituvchilar va til sertifikatiga ega malakali mutaxassislar dars olib borishadi. Ular o‘z sohalarida yuqori tajribaga ega bo‘lib, ta'lim jarayonini nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham boyitishga harakat qilmoqdalar.

To‘garak mashg‘ulotlarida berilayotgan bilimlar har bir talabaga o‘rganayotgan tilida o‘zini ifoda etish, o‘z fikrini erkin va ravon bayon qilish imkoniyatini beradi. Ingliz, rus, nemis, va turk tillari bo‘yicha o‘qish, nafaqat yangi tilni o‘rganish, balki dunyoqarashni kengaytirish, boshqa madaniyatlarni o‘rganish va ularning zamonaviy hayotdagi o‘rnini tushunish imkoniyatini taqdim etadi.

Bu markazning yana bir afzalligi – darslar zamonaviy texnologiyalar yordamida olib borilishi va narxlari qulayligidadir. Kompyuterlar, audio-vizual materiallar va interaktiv darsliklar o‘qish jarayonini yanada samarali va qiziqarli o‘tishiga yordam bermoqda.

Markazning maqsadi — til bilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga, global dunyoda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdir. Bu yerda o‘rgatilayotgan tillar nafaqat akademik maqsadlar uchun, balki turli sohalarda ishlash uchun ham muhim vosita bo‘lib, talabalarga yanada kengroq imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki talabalar chet el universitetlari, xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Bugungi kunga qadar markazda 500 nafarga yaqin yoshlar til o‘rgandi. Ularning 150 nafari maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

Yaqinda yana 8 nafar talabamiz CEFR imtihonidan kerakli ballarni to‘plab, B2 sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat markazimizda o‘qitish sifatining yuqori ekanligini ifodalash bilan birga, o‘qituvchilar mehnatining ham samarasidir.